EDUCATIONAL ORGANISATIONS AND SOCIETIES ASSOCIATED WITH JADID SCHOOLS IN KHOREZM

Authors

  • Umid Bekmuhammad
  • Sayyora Samandarova

DOI:

https://doi.org/10.47390/SPR1342V5I6Y2025N04

Keywords:

school, education, pupil, textbook, society, charity, Khiva, Gurlen, Khojeyli, Kazan, Crimea, Istanbul, university

Abstract

This article examines the Jadid schools established in Khorezm and the activities of educational organisations and societies associated with them. It also analyses their philanthropic activities and generosity to improve the quality of education and provide the schools with textbooks and manuals.

References

Kirish. Ismoil Gaspralining taʼlim tizimiga kiritgan yangi usuldagi oʻqitishga oid maktabi 1884-yilda Qrimda oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsa, oradan vaqt oʻtib, Qozon, Ufa, Toshkent, Buxoro va 1898-yildan Xorazmda ham oʻz faoliyatini boshlaydi. Xorazmda bu vaqtda Feruzxon (1844-1910) hukmdorlik qilar va uning maʼrifatli, taraqqiyparvar davlat arbobi ekanligini, taʼlimga, xususan jadid maktablariga xayrixohligidan ham anglash mumkin edi.U doimiy ravishda Toʻrtkoʻldagi pochta orqali Qrimda nashr etiladigan “Tarjimon” gazetasiga obuna boʻlgan, dunyo va turkiy xalqlarda boʻlayotgan jarayonlardan xabardor boʻlib turardi. Aynan shu bois ham Feruzxon jadid maktablarining tashkilotchisi, homiysi boʻlib tarixga kirdi. U faqat maktablar ochilishiga xayrixohlik qilibgina qolmay, taʼlim sifati, bu bilan bogʻliq tashkilotlarni yaratish tashabbuskori boʻlgandi. Mazkur maqolada jadid maktablaridagi taʼlim sifati, ularni darslik, qoʻllanmalar bilan taʼminlashga xizmat qilgan tashkilotlar, jamiyatlar faoliyati yoritib beriladi.

Tadqiqot metodologiyasi. Mavzuni yoritish va tahlil qilishda Ismoil Gaspralining asarlari, professor Begali Qosimov, Zaynobiddin Abdurashidov, Dilnoza Jamolova, Bahrom Irzayev, S.Samandar, U.Bekmuhammad monografiyalaridan hamda Oʻzbekiston Milliy arxivi hujjatlari, “Tarjimon”gazetasidagi maqolalar, xabarlardan foydalanildi. Ushbu manbalarni bir-biriga taqqoslagan holda, qolaversa taʼlimga oid tarixiy jarayonlardan kelib chiqib haqqoniy, xolis xulosalarga kelindi.

Maktabda oʻquvchining darslarni tez va yoshiga, zehniyatiga mos ravishda oʻzlashtirishi oʻqituvchiga, jamoadagi, sinfdagi muhitga bogʻliq. Shu bilan birga esa oʻz davri uchun zamonaviy boʻlgan yangi uslublarni qoʻllash, taʼlim tizimini isloh qilib turish ham davr, jamiyat, ota-ona, oʻquvchilar talabi boʻlishi zarur. Tarixda, xususan Xiva xonligi davrida jadid maktablari tashkil etilgan paytdan aynan shu jarayonga eʼtibor berilgan hamda yangi usuldagi taʼlim dargohlari ochish bilan birga, taʼlim sifatini nazorat qiluvchi tashkilotlar, homiylik qiluvchi jamiyatlar ham tashkil qilingan. Jadid maktabi-yangi uslubda dars beriladigan oʻz davrining zamonaviy taʼlim dargohi hisoblangan. Aynan 1898-yilda Feruzxon tashabbusi bilan Xiva, soʻngra Yangi Urganch shaharlarida jadid maktablari tashkil etilguncha boʻlgan davrda, Turkistonning boshqa hududlari singari Xorazmda ham anʼanaviy, dunyoviy fanlar oʻtilmaydigan, asosan diniy bilim beriladigan maktablar ( sovet davrida eski maktab deya atalgan-S.S. U.B.) hamda rus-tuzem maktablari mavjud edi. Yaʼni, taʼlim sohasida oʻziga xos raqobatchi dargohlar faoliyat yuritardi.

Ana shunday vaziyatda oʻz nomi bilan yangi-jadid maktablarining faoliyat boshlashi uchun davlat miqyosida xayrixoh kerak edi. Maʼlumki, 19 asr oxirida Turkistonning turli hududlari, goh Fargʻona, Toshkent va Buxoro amirligida tashkil etilgan jadid maktablari mutaassib dindorlar, anʼanaviy (eski) maktab, madrasa mudarrislari tomonidan tazyiqqa uchragan holatlar koʻp kuzatilgani maʼlum.

Shu singari Xorazmda 1884-yilda tashkil etilgan rus-tuzem maktabi oʻqituvchilari, umuman Rossiya imperiyasining taʼlim mutasaddilari ham jadid maktablariga nisbatan raqobatchi edi. Qolaversa bu tizim maskanlari, ularning pedagoglari jadid maktablariga nisbatan dushmanona nigoh bilan qarashgani Z.Abdirashidovning “Turkistonda jadidchilik” ( “Akademnasr” nashriyoti, Toshkent-2023) asarining “Taʼlim uchun kurash: Turkiston maʼmuriyatining inkor etish siyosati, ruslashtirish va jadidchilik”bobida batafsil tahlil etilgan.

Garchi, xonlik davridagi maktablar oʻz davridagi sharqning taraqqiyot yoʻliga kirgan davlatlari, Yevropa mamlakatlariga qaraganda ortda qolgan boʻlsada, taʼlim sohasi oʻz davrining savodxon qatlamini yuzaga chiqarishga xizmat qilgan.

Abdulla Boltayevning “Xiva tarixiga oid materiallar” nomli 11-esdalik daftarining 40-betida “Xiva shahrinda va atrofi tagidagi madrasalar roʻyxati” nomli jadvalda 64 ta madrasa nomlari, barpo etilgan yili, hujralar soni va vaqf yerlari qayd qilib oʻtilgan boʻlib, ulardan 16 tasi hozirgi vaqtgacha saqlanmaganligi keltirilgan. Ushbu jadvalda dastlab Xivada barpo qilingan, yaʼni 1616-yildagi Arab Muhammadxon madrasasi, 1916-yildagi “Qozi Askar” madrasasi eng soʻnggi madrasa boʻlganligi (afsuski Hikmatillo qozi barpo etgan madrasa hozirgacha yetib kelmagan) qayd qilingan. Undan tashqari xonlikdagi bekliklarda ham madrasalar, tabiiyki maktablar ham faoliyat koʻrsatgan.

Tarix fanlari nomzodi Abdulla Abdurasulovning aniqlashicha esa, “Xivada XIX asr oxiri va XX asr boshlarida 65 madrasa boʻlgan. Ularning 54 tasi shaharda, 11 tasi shahar atrofida boʻlgan”. Madrasada diniy va dunyoviy bilimlar berilgan boʻlib, koʻngilochar oʻyinlar va ashula aytish man qilingan. Madrasada oʻqish muddati chegaralanmagan”.

Endi Rossiya manfaatlari, imperiya mafkurasi uchun xizmat qilgan rus-tuzem maktablariga toʻxtalib oʻtsak. Xiva xonligi 1873-yilda Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, dastlabki rus-tuzem maktabi Amudaryo boʻlimi markazi Petro-Aleksandrovsk ( hozirgi Toʻrtkoʻl) da oʻz faoliyatini boshlagandi. Xiva xonligi devonbegisi, shoir, musiqashunos Komil Xorazmiy tashabbusi bilan 1884-yilda Xivada ham rus-tuzem maktabi tashkil qilingandi.Dastlab Xivadagi ushbu maktabga Petro-Aleksandrovskdagi rus-tuzem maktabidan oʻqituvchi N.S. Sazontov dars berishga taklif qilingan.1887-yilda Xorazmga kelgan rus rassomi L.Ye.Dmitriyev-Kavkazskiy oʻz sayohatnomasida (”(L.Ye.Dmitriyev-Kavkazskiy.”Po Sredney Azii. Zapiski xudojnika “, Spb 1894 s.57) Xivadagi maktab faoliyatiga yaxshi baho bergan boʻlsada, 20 asr boshlariga kelib ushbu maktab oʻz faoliyatini toʻxtatadi.

Negaki taʼlimga boʻlgan ehtiyojni jadid maktablaridagi yuksak taʼlim-tarbiya, oʻsha davr uchun chinakam yangilik boʻlgan pedagogika egallagandi. Qolaversa Dmitriyev-Kavkazskiy 1887-yilda Xivadagi rus-tuzem maktabida asosan yetim bolalar oʻqitilayotgani, Feruzxon keyingi oʻquv yilidan amaldorlarning bolalarini maktabga jalb etmoqchi ekanligini aytgandi. Rossiya maʼmuriyati talabi bilan maktab ochilgan ilk davrda oʻquvchilar intilishi yetarli boʻlmagan va shu bois asosan yetim bolalar bilan sinf toʻldirilgan. Yaʼni xon va amaldorlarida ham xayrixohlik boʻlmagandi.Biroq rus maʼmurlari xohishi bilan tashkil etilgan maktab faoliyat koʻrsatishi uchun oʻquvchilar kerak edi.Ilk oʻquvchilar shu bois yetim bolalar boʻlishgandi.

Aslida esa rus-tuzem maktablari imperiya itoatidagi oʻlkalarni ruslashtirish, mustamlaka holatida saqlash niyatida tashkil qilingandi.

Ana shunday vaziyatda, “1898-yili Xivada Orenburgli Muhammad Vafo va mullo Abdurahmon afandilar tomonidan usuli savtiya maktabi ochildi. Lekin bir oy davom etgan faoliyatidan keyin “taassubning ziyoda oʻldigʻini anglayib, Urganch shahrina ketdilar va u yerda usuli savtiya maktabi kushod etdilar”. Yaʼni, poytaxt Xivada 1898-yildagi birinchi jadid maktabiga mahalliy aholining koʻnikishi qiyin boʻldi va Yangi Urganch shahrida ikki pedagog oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyishdi. Shu tarzda Xorazmda birinchi jadid maktabi 1898-yilda tashkil qilingan “[1.214].

Ikkinchi jadid maktabi esa xonning taraqqiyparvar amaldori Mamat mahram tomonidan Deshonqalʼadagi uyida 1905-yilda tashkil etiladi. Oʻsha yili bosh vazir Islomxoʻja ham jadid maktabiga asos soladi. Xivada dastlab tashkil etilgan usuli savtiya taʼlim maskanlari “Maktabi Mahramiya“ (Mamat Mahramning maktabi),“Maktabi jadid” (bosh vazir Islomxoʻjaning mablagʻiga barpo etilgan) deya nomlangan.

Xivadagi ikki va Yangi Urganchdagi jadid maktablari pedagoglarining yuqori saviyadagi bilim berishlari, oʻqitish uslubi, dars jarayonlari aholi tomonidan yaxshi kutib olinadi. Negaki farzandlarini usuli savtiya asosida oʻqitish, boshqa maktablarga qaraganda samaradorligini koʻrsatgandi. Natijada aholida boʻlgan talab bois 1907-yilda valiahd Asfandiyorning oʻzi ham Xivada uchinchi jadid maktabini tashkil qiladi.

1907-yil 30-martda “Tarjimon” gazetasi Asfandiyorning “Xiva valiahdi usuli savtiya maktabi ochdirish uchun Barudiy madrasasini tamomlagan ikki muallimni chaqirtirdi, 25-fevralda keldilar, kelishlari bilan maktabda dars boshlaganlari haqida”gi xabarini ham chop qilgan[2.65].

Shu tariqa Qozon shahridagi Olimjon Barudiy madrasasini bitirgan ikki nafar pedagog Xivada 1907-yildan oʻz faoliyatini boshlaydi.

Hukmdor Feruzxon jamiyatdagi barcha sohalarga nisbatan talabchan, qolaversa oʻzi xayrixohlik bilan ijozat bergan maktablardagi jarayonni kuzatib borayotgandi. Shu bois uni jadid maktablarining kelajagi, oʻqituvchilarning bilim berishi, oʻquvchilarning taʼlim olishi qiziqtirganidan imtihonga eʼtibor qaratadi.

“1907-yilning 28-mayida Asfandiyor va Islomxoʻja, 31-may kuni qozikalon, mudarris, oxunlar ishtirokidagi imtihon hayʼati oʻquvchilarni sinovdan oʻtirishadi. Yaʼni Xivadagi dastlabki ikkala maktabning 113 nafar talabasi hayʼatga imtihon topshiradi va hayratlanarlisi hammasi aʼlo baho olishadi. Imtihon natijasidan ruhlangan valiahd Asfandiyor, bosh vazir Islomxoʻja va Qozikalon Salimoxunlar oʻzaro maslahatlashib Qozon shahridan ushbu maktablar uchun yana ikkita oʻqituvchi taklif qilishga qaror qilishadi. Shu bilan birga Xorazmda jadid maktablarini koʻpaytirish, oʻquv jihozlari, adabiyotlari bilan taʼminlash, ulardagi taʼlim sifatini nazorat qilish uchun Ramazon Muhammad Karimzodani maktablar noziri qilib tayinlashadi” [3.54].

Yaʼni, sovet davrida tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi deya nomlangan tashkilotga, 1907-yilda birinchi boʻlib Xivada asos solingandi. Jadid pedagogi Ramazon Karimzodaga Xiva, Yangi Urganch shaharlaridan boshqa hududlarda ham usuli savtiya maskanlarini tashkil etish, ularga malakali pedagoglarni jalb qilish, darslik, oʻquv qoʻllanmalar bilan taʼminlash vazifasi yuklatilgan edi.

Eʼtiborli jihati, bu singari taʼlim muassasalari keyinchalik Buxoro, Toshkent shaharlarida ham tashkil etilgan va ular turlicha nomlangan jamiyatlar edi. Tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolovaning tadqiqotlariga koʻra, “oʻz oldiga Buxoroni oʻrta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa maʼrifat tarqatish, amirlik hududida konstitutsion monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini oʻrnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, milliy valyutani joriy qilish va milliy qoʻshin tuzishni maqsad qilib qoʻygan Buxoro jadidchilik harakatining taniqli namoyandalari 1909-yilda “Tarbiyai atfol” jamiyatini tuzib, Termiz, karki, Yangi Buxoro va Gʻijduvonda jamiyatning 28 ta shoxobchasini ochganlar. Jamiyat oʻz faoliyati davrida quyidagi ishlarni amalga oshirgan:

-ilmga chanqoq yoshlarga iqtisodiy va maʼnaviy yordam koʻrsatib, Rossiyaning Qozon, Ufa, Boqchasaroy hamda Istanbulga oʻquvchi yuborish masalasiga alohida eʼtibor qaratgan;

-Buxoro amirligida gazeta va jurnallar nashr qilinmasa ham jamiyat Rossiyaning musulmon shaharlarida, Turkiya va Eronda nashr qilingan matbuot namunalari bilan buxoroliklarni tanishtirib borish uchun harakat qilishgan. Rossiya siyosiy agentligining taʼqib va toʻsiqlariga qaramay, jamiyat aʼzolari tomonidan bunday nashrlar amirlikda keng tarqatilgan;

-jamiyat aʼzolari oʻrinsiz sarf-xarajatlarga, toʻy va maʼrakalarda yoʻl qoʻyiladigan isrofgarchiliklarga qarshi chiqib, bu mablagʻlarni farzandlar tarbiyasiga, ularni chet ellarda oʻqitish uchun sarf qilishga daʼvat etganlar”(4).

Agarki, Buxorodagi “Tarbiyai atfol” jamiyatining maqsad va vazifalariga eʼtibor qaratsak, ular faqatgina taʼlim bilan cheklanibgina qolmay, jamiyatning barcha sohalarini isloh qilish, monarxiyaga barham berish, zamonaviy respublika tuzishga intilganini koʻrishimiz mumkin.

Bu davrga kelib dunyo voqealari, undagi jarayonlar tezlashgani bois, Turkistonning boshqa hududlarida ham shu singari va boshqa tashkilotlar taʼsis qilingan va ularda ham taʼlim, maktab sohasiga alohida eʼtibor qaratilgandi. Dunyoni, undagi taʼlim tizimini matbuot, sayohatlar orqali anglagan taraqqiyparvar ziyolilar, taʼlim sohasida borayotgan jarayonlarni boshqarish, iqtidorli yoshlarni xorijga oʻqishga yuborishni birinchi darajali maqsad deb bilishgandi.Tabiiyki, xorijga iqtidorli yoshlarni oʻqishga yuborish muayyan mablagʻni talab qilardi.

Filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov tahlil qilganidek, “ ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini isloh etishni maqsad qilgan jadidlar Vatan va millat taraqqiyoti yoʻlidagi ushbu harakatlarining moliyaviy taʼminoti uchun xayriya jamiyatlari tuzgan. Bu jamiyatlar xalqdan yigʻilgan yordamlar, millat boylari xayriyalari hisobidan faoliyat yuritgan. Toshkentda “Turon”, Buxoroda “Tarbiyai atfol”, Qoʻqonda “Gʻayrat” xayriya jamiyatlari hamda 10 ga yaqin shirkat ana shu maqsadga xizmat qilgan. Bularning barchasi, birinchi navbatda, usuli jadid maktablari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan edi.Xususan “Shirkati Buxoroi sharif” tashkiloti ham 1909-yilda taʼsis qilinib, jadid maktablarini darslik, oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlashni maqsad qilib olgandi.

Bundan tashqari, faqir va muhtojlarni moddiy-maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, yetimxonalar (jadidlar ularni “Doru-l-aytom” deb atagan) qurish, keksalar va nogironlar uchun shifoxona va ambulatoriyalar barpo etish maqsadlarini qoʻygan. Millat yoshlarini maktabda oʻqitish, eng iqtidorlilarini oliy taʼlim olishi uchun dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlariga yuborish bilan bogʻliq masalalar koʻzda tutilgan. Jadidlar taʼsis etgan nashriyotlar xarajatlari ham xayriya jamiyatlari hisobidan qoplangan. Masalan, Abdulla Avloniy oʻz tarjimayi holida “Turon” xayriya jamiyatining “Nashriyot”, “Maktab” shirkatlari haqida maʼlumot beradi. Maʼrifatparvarning “Hukumatdan ruxsat olmoq uchun bir yarim oy ovora boʻlmoqgʻa toʻgʻri keldi. Ikki marotaba bergan arizamiz rad qilinib, uchinchi marotabada ruxsat berdi. Men shul jamiyati xayriyaning muassis aʼzolarindan boʻlib, boshlab ochiluvida bir yil raislik xizmatin ado qildim. Andin soʻng to hurriyat davrigʻacha aʼzosi boʻlib maktablargʻa, yetim va gʻariblargʻa yordam qilib kelinur”, degan fikrlari buning isbotidir.

Toshkent jadidlari rahnamosi Munavvarqori Abdurashidxonovning taʼkidlashicha, millat oydinlari xayriya jamiyatlari mablagʻlari evaziga “...hech mumkin boʻlmagʻon zamonda chetgʻa oʻquvchilar yubordilar. Maktablarni oʻrta darajalargʻa qadar olib bordilar. Jamiyatlar chetga ketuvchi oʻquvchilarga, maktablarga moddiy va maʼnaviy yordam berarlik darajada kuchga ega boʻldi. Gazetalar afkori ommani qoʻlga olib, uch-toʻrt ming nusxa sotilaturgʻon martabaga yetdi... Hukumat rus-tuzem maktablarining “usuli jadid” maktablariga raqobat qilolmasligini bilib, isloh qildi...”[5.74].

Yaʼni, taʼlim tizimidagi yangilik,xorijda yoshlarni oʻqitish, islohot sari boshlangan jarayonlar qiyinchiliklar bilan davom etgan. Biroq jadidlar maslakdoshlik hissi bilan doimo millat, vatan istiqboli yoʻlida kurashganlar.

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Bahrom Irzayevning tadqiqotlariga koʻra, “taraqqiyparvarlar xuddi shu davrda xalq va mamlakat taqdiriga daxldor muhim masalalar bilan shugʻullanib, xalqning yumuq koʻzlarini ochishga, uni erk, hurfikrlilik va milliy oʻzlik singari buyuk tarixiy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga intildilar. Ular millatni mustamlakachilik kishanlarini parchalab tashlash uchun kurashga daʼvat etdilar. Jadidlar bu yoʻlda xalq maorifini taraqqiyotning eng ishonchli quroli deb bildilar. Turkistonda oliy taʼlim muassasalari yoʻqligi tufayli jadid taraqqiyparvarlari yoshlarni chet ellarda oʻqitish, ayniqsa, Yevropa ilm-fani yutuqlari bilan tanishtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratganlar.

Natijalar va muhokama. 1909-yil 12-may kuni Toshkentda tuzilgan Turkiston jadidlarining dastlabki “Jamiyati xayriya” tashkiloti talabalarni chet ellarda oʻqitish ishiga rahbarlik qildi. Uning koʻmagida yoshlar Rossiyaning Sankt-Peterburg, Saratov, Qozon, Ufa, Orenburg shaharlaridagi oliy maktab va madrasalarga, shuningdek, Istanbul, Qohira kabi xorijiy shaharlardagi universitetlarga oʻqishga yuborila boshladi.

1909-yil 18-iyulda Buxoro shahrida tuzilgan jadidlarning “Tarbiyai atfol” jamiyati shu yilning oʻzida Fitrat, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻja oʻgʻli, Ato Xoʻja, Mazhar Burhonov kabi koʻpgina yoshlarni Istanbulga oʻqishga yoʻllagan edi. Buxorodan chet elga tahsil olish uchun yuboriladigan talabalar soni 1911-yili 15 nafarga, 1912-yili 30 nafarga yetgan. Keyinchalik shunday talabalar orasidan Fitrat, Gʻozi Olim Yunusov, Xolid Said, Eson afandi Musayev kabi yozuvchi olimlar, Mustafo Choʻqayev, Ubaydulla Xoʻjayev, Norboʻtabekov kabi yetuk huquqshunoslar yetishib chiqdi”[6.85].

Ana shunday jarayonda, bu davrga kelib Xorazmda ham jadidlarning taʼlim sohasi va ularning maʼrifatparvarlik gʻoyalarini qoʻllab quvvatlash uchun, turli tashkilotlar ham yuzaga kelayotgandi. Xususan 1912-yilda bosh vazir Islomxoʻja tashabbusi bilan tashkil qilingan “Taʼsisoti xayriya” jamiyati aynan jadid maktablarini qoʻllab quvvatlash, bitiruvchilarni xorijga oʻqishga yuborishni maqsad qilib olgandi.

“1912-yil 24-fevraldagi “Tarjimon” gazetasida yozilishicha, “Islomxoʻja Xivada “Taʼsisoti xayriya” vujudga keltirish uchun oʻzidan 100 ming rubl iona yetgan” [7.51].

Tabiiyki bosh vazirning tashabbusini boshqa mulkdor taraqqiyparvarlar ham qoʻllab quvvatlashadi. Shu tarzda boshqa jadid mulkdorlari ham tashkilotni qoʻllab xayriya ishlarini olib borishgan. Ushbu jamiyatning eng muvaffaqiyatli ishi Rahmonbergan mahramning oʻgʻli-Bekjon Rahmonni 1912-yil oxirida Istanbul universitetiga oʻqishga yuborishi boʻladi.

Bora-bora shu jarayonda boshqa jadid pedagoglari, ularning xayrixoh, homiylari tomonidan ham turli xil jamiyatlar yuzaga kela boshlaydi.Ana shunday tashkilotlardan biri Yangi Urganch savodxonligi jamiyati deb nomlanadi va 1913-yilda faoliyatini boshlaydi.

Jamiyatning maqsadi jadid maktablari sonini koʻpaytirish, ularga oʻqituvchilar taklif qilish, darslik va qoʻlanmmalarni yaratish, maktab bitiruvchilarini xorijga yuborishni maqsad qilib olishgan. Bu maqsad yoʻlida 1914-yilda Yangi Urganchdagi zamonaviy binoda Qozon shahridan kelgan oʻqituvchilar shaharda ikkinchi jadid maktabini tashkil qilishadi. Biroq 1916-yil qoʻzgʻolonlari va 1917-yildan keyingi tazyiqlar sabab pedagoglar Chorjoʻy shahriga ketib faoliyatini davom ettirishadi. Jamiyat ham afsuski, 1917-yil kuzida oʻz faoliyatini toʻxtatadi.

Shu tarzda 1907-yil 28-mayida Xivada taʼsis qilingan maktablar nozirligi ham, 1912-yil bosh vazir Islomxoʻja tomonidan tashkil etilgan “Taʼsisoti xayriya” jamiyati va 1913-yil Yangi Urganch shahrida tuzilgan “Yangi Urganch savodxonligi jamiyati”ham 1917-yil sentyabrida oʻz faoliyatini toʻxtatishgan. Ana shu tariqa ularning birisi 10-yil, ikkinchisi 5, uchinchisi esa 4-yilgina faoliyat yuritgan. Taʼlimga oid tashkilot va jamiyatlarning tugashiga ikkita sabab bor edi:

1). 1917-yil aprelida jadidlar tomonidan taʼsis etilgan parlament-“Idorai marshrutiya” kuz faslida Asfandiyorxon va mutaassiblar tazyiqiga uchragach tugatiladi. Tabiiyki jadidlar-“Yosh xivaliklar” harakatining magʻlubiyatidan soʻng, jadid maktablarining ayrimlari, taʼlimga oid uchta tashkilot, jamiyatlar ham faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻladi.

2). Birinchi jahon urushining mustamlaka oʻlkalarga taʼsiri va iqtisodiy vaziyat ogʻirlashgach, koʻplab jadid pedagoglari va yuqoridagi nozirlik, jamiyatlar xodimlari ham vohani tark etib, Qozon, Ufa, Toshkent shaharlariga ketishga majbur boʻlishadi.

Garchi nozirlik, jamiyatlar qisqa muddat faoliyat koʻrsatgan boʻlishsa-da, ular oʻz faoliyati davomida maktablar sonini koʻpaytirish, taʼlim sifatini yaxshilash, darslik, oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼlim maskanlarini taʼminlashdek oʻz vazifasini aʼlo darajada bajarishdi.

Xulosa. Afsuski, tarixchilar, pedagog olimlar tomonidan, maktablar nozirligi, “Taʼsisoti xayriya”, “Yangi Urganch savodxonligi jamiyati” singari Xorazmlik jadidlarning nozirlik va jamiyatlari, ularning Turkiston, Buxoro va Usmoniylar davlatidagi jadidlar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari toʻliq tadqiq etilmagan. Faqatgina bosh vazir Islomxoʻja, “Taʼsisoti xayriya”jamiyati tomonidan Xivalik jadid maktabi bitiruvchisi Bekjon Rahmonning 1912-yil oxirida Istanbulga oʻqishga yuborilgani xonlik davridagi yagona imkoniyat boʻldi. Vaholanki qoʻshni Buxoro amirligidagi jadidlar tashkiloti 30 ga yaqin yoshlarni xorijga oʻqishga yuborishgandi.

Shuningdek, Gurlandagi jadid maktabi bitiruvchisi Olimjon Qodiriy, Yangi Urganchdagi jadidlar maktabi bitiruvchisi Maryam Sultonmurodovalar esa , xonlik tugatilib, respublika davrida-1922-yilda Germaniyaga borib oʻqishga muvaffaq boʻlishdi.Shu kabi Xorazmlik boshqa jadid maktabi oʻquvchilari ham Toshkent, Ufa, Moskva shaharlariga oʻqish imkoniyatiga ega boʻlishdi.Agarda 1917-yil kuzida taʼlim tashkiloti, jamiyatlar, shuningdek “Idorai marshrutiya”-parlament faoliyati toʻxtatilmasa, iqtidorli yoshlarning xorijga oʻqishga yuborilishi yana davom qilgan va Xorazm vohasiga xorijda oʻqigan zamonaviy kadrlar kirib kelgan boʻlishardi.Afsuski, 1917-yil kuzidagi xonlik tuzumi va mutaassiblar tazyiqi,1920-yildan jadid maktablarining sovetlashtira boshlanishi, 1924-yilda respublikaning tugatilishi jadidlar orzusining armonga aylanishiga sabab boʻldi.

Oradan yillar oʻtib, 1991-yildagi istiqlolgina jadidlar armoni ushalishiga olib keldi va xorijda oʻqiyotgan yoshlar safi tobora ortib bormoqda. Hozirda tarix fani oldida Xorazm jadidlarining taʼlim bilan bogʻliq tashkilot, jamiyatlari faoliyati, ularning erishgan yutuqlari, xorijda oʻqigan xorazmliklar, ularning taqdirini tadqiq etish eng dolzarb mavzu boʻlib qolmoqda.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

1. S.Samandar, U.Bekmuhammad “Xorazm jadid maktablari”, "MILLENIUMUS PRINT” nashriyoti, Urganch-2025-yil, 55-bet.

2. “Tarjimon” gazetasi, 1907-yil 30-mart.

3. S.Samandar, U.Bekmuhammad “Xorazm jadidchiligi: islohotlar, taʼlim va adabiyot”, "MILLENIUMUS PRINT” nashriyoti, Urganch-2024-yil, 78-bet.

4. D.Jamolova “ Buxoro amirligida jadidlar va qadimchilar faoliyati” (X1X asr oxiri -XX asrning birinchi choragi), “Muharrir” nashriyoti, Toshkent-2021-yil, 80-81 betlar.

5. N.Jabborov,“Jadidchilikni nega va qanday oʻrganishimiz kerak?”, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2023-yil 19-dekabr.

6. B. Irzayev, “Oʻzbek yoshlari va xorijiy taʼlim” , “Akademnashr”, Toshkent-2018-yil, 8-bet.

7. “Tarjimon” gazetasi, 1912-yil 24-fevral.

Downloads

Submitted

2025-06-04

Published

2025-06-16

How to Cite

Bekmuhammad, U., & Samandarova, S. (2025). EDUCATIONAL ORGANISATIONS AND SOCIETIES ASSOCIATED WITH JADID SCHOOLS IN KHOREZM. Ижтимоий-гуманитар фанларнинг долзарб муаммолари Актуальные проблемы социально-гуманитарных наук Actual Problems of Humanities and Social Sciences., 5(6), 25–31. https://doi.org/10.47390/SPR1342V5I6Y2025N04